Ommaviy oferta

PDF yuklab olish

OMMAVIY OFERTA SHARTNOMASI

Avtomato dasturiy platformasidan foydalanish — SaaS xizmatlarini ko‘rsatish to‘g‘risida

Toshkent shahri «1» Noyabr 2026-yil

Kuchga kirish sanasi: avtomato.uz saytida e’lon qilingan kun

Mazkur hujjat O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining shartnoma tuzish va ommaviy taklif (oferta) to‘g‘risidagi normalariga muvofiq rasmiy ommaviy oferta hisoblanadi. Ushbu Ofertada ko‘rsatilgan shartlarni to‘liq va so‘zsiz qabul qilgan (aksept qilgan) har qanday yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor (bundan buyon — Foydalanuvchi) bilan bir tomondan, va “CODEPLAY” MCHJ, STIR: 311539754, manzil: Xorazm viloyati Urganch shahar Saxovat MFY, Ezgu umid ko’chasi 54-uy (bundan buyon — Ijrochi) ikkinchi tomondan, birgalikda “Tomonlar”, alohida “Tomon” deb yuritilib, quyidagi shartnomani (bundan buyon — Shartnoma) tuzdilar.

I. ASOSIY TUSHUNCHALAR

1.1. Avtomato (Tizim) — bo‘lib-bo‘lib to‘lash (muddatli to‘lov) sotuvlarini avtomatlashtirish, mijozlar skoringi, avtomatik SMS-eslatmalar, amaliyotlar monitoringi va biznes-jarayonlarni boshqarishga mo‘ljallangan, avtomato.uz veb-sayti orqali masofadan kiriladigan bulutli dasturiy platforma (SaaS).

1.2. Ijrochi (Operator) — Tizimga bo‘lgan mutlaq huquqlarga egalik qiluvchi yoki ulardan foydalanish vakolatiga ega bo‘lgan va Tizimdan foydalanish xizmatini taqdim etuvchi yuridik shaxs.

1.3. Foydalanuvchi (Mijoz) — Tizimda ro‘yxatdan o‘tgan va Tizimdan faqat tadbirkorlik faoliyati doirasida foydalanish uchun ushbu Oferta shartlarini qabul qilgan yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor. Jismoniy shaxs-iste’molchilar Tizimdan shaxsiy, oilaviy yoki maishiy ehtiyojlar uchun foydalana olmaydi.

1.4. Aksept — Foydalanuvchining Ofertani so‘zsiz qabul qilganini tasdiqlovchi quyidagi harakatlardan birini amalga oshirishi:

  • a) Tizimda ro‘yxatdan o‘tishda Oferta bilan tanishganlik va rozilik belgisini (checkbox) qo‘yib, «Ro‘yxatdan o‘tish» yoki «Bepul sinab ko‘rish» tugmasini bosishi;
  • b) xizmatlar uchun to‘lovni amalga oshirishi;
  • c) Tizimdan foydalanishni boshlashi. Qaysi harakat avval sodir bo‘lsa, o‘sha paytdan Aksept amalga oshgan hisoblanadi.

1.5. Shaxsiy kabinet — Foydalanuvchi uchun Tizimda yaratilgan, login va parol orqali kiriladigan alohida bo‘lim.

1.6. Tarif – Xizmatlar to‘plami, foydalanuvchilar soni, limitlar va narxni belgilovchi, avtomato.uz saytida e’lon qilingan shartlar.

1.7. Foydalanuvchi ma’lumotlari — Foydalanuvchi tomonidan Tizimga kiritilgan yoki Tizim orqali Foydalanuvchi nomidan yig‘ilgan barcha ma’lumotlar, shu jumladan Foydalanuvchining mijozlari (qarzdorlari, xaridorlari) va ularning kafillari to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shartnomalar, to‘lov jadvallari va tranzaksiyalar.

1.8. Mijozning mijozlari – shaxsiy ma’lumotlari Foydalanuvchi tomonidan Tizimga kiritiladigan yoki Tizim orqali qayta ishlanadigan jismoniy shaxslar.

1.9. Skoring – Foydalanuvchi kiritgan va Tizim yig‘gan ma’lumotlar asosida mijozning to‘lov intizomi va to‘lovga layoqatini baholashga mo‘ljallangan axborot-tahliliy hisob-kitob. Skoring natijasi ma’lumot-maslahat xarakteriga ega bo‘lib, kredit, qarz yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash to‘g‘risida yakuniy qaror qabul qilmaydi.

1.9.1. Trial davr — Tizim imkoniyatlari bilan tanishish uchun Ijrochi tomonidan bepul yoki imtiyozli shartlarda beriladigan sinov muddati.

II. SHARTNOMA PREDMETI

2.1. Ijrochi Foydalanuvchiga Tizimdan internet tarmog‘i orqali Shaxsiy kabinet, skoring, monitoring, avtomatik xabarnomalar va boshqa tanlangan Tarif doirasidagi modullar orqali foydalanish huquqini taqdim etadi, Foydalanuvchi esa Tarifga muvofiq xizmat haqini to‘lash majburiyatini oladi.

2.2. Tizimning dasturiy kodi, dizayni, ma’lumotlar bazasi tuzilmasi, algoritmlari, skoring modeli, brendi va boshqa tarkibiy qismlari intellektual mulk obyekti hisoblanadi va Ijrochiga (yoki uning huquq egasiga) tegishli. Tizim yoki uning qismlariga mutlaq huquqlar Foydalanuvchiga o‘tmaydi.

2.3. Litsenziya Shartnoma amal qilish muddati davomida, O‘zbekiston Respublikasi hududida va faqat Foydalanuvchining o‘z biznes ehtiyojlari uchun beriladi.

2.4. Foydalanuvchi quyidagilarga haqli emas:

  • a) Tizim yoki Shaxsiy kabinetga kirish huquqini uchinchi shaxslarga sotish, ijaraga berish, sublitsenziya berish yoki boshqacha o‘tkazish;
  • (b) dasturiy kodni dekompilyatsiya, dizassemblyatsiya qilish, nusxalash, o‘zgartirish yoki undan hosila ishlanma yaratish;
  • c) Tizimni raqobatdosh mahsulot yaratish uchun foydalanish yoki uning funksionalini tahlil qilish;
  • d) Tizimning xavfsizligi yoki barqarorligiga zarar yetkazuvchi harakatlar (avtomatlashtirilgan so‘rovlar bilan haddan tashqari yuklash, zaifliklarni qidirish, ruxsatsiz kirish urinishlari va h.k.);
  • e) Tarifda belgilangan foydalanuvchilar soni va limitlardan ortiq foydalanish.

III. SHARTNOMANI TUZISH, AKSEPT VA MUDDATI

3.1. Tizimning barcha funksiyalaridan foydalanish uchun Foydalanuvchi saytda ro‘yxatdan o‘tishi, haqqoniy va dolzarb ma’lumotlarni (nomi, STIR, vakolatli shaxs, aloqa ma’lumotlari) kiritishi hamda Shaxsiy kabinet yaratishi lozim.

3.2. Ushbu Shartnoma Aksept amalga oshirilgan paytdan boshlab tuzilgan hisoblanadi va Tomonlar uchun yuridik majburiyatlar keltirib chiqaradi. Aksept Ofertaning barcha shartlariga to‘liq rozilikni bildiradi, Aksept shartli yoki qisman bo‘lishi mumkin emas.

3.3. Aksept qilish orqali Foydalanuvchi:

  • a) Ofertani to‘liq o‘qib chiqqanini va tushunganini;
  • b) ro‘yxatdan o‘tayotgan shaxsning Foydalanuvchi nomidan harakat qilish uchun yetarli vakolatga ega ekanligini;
  • c) kiritilgan ma’lumotlar to‘g‘riligini tasdiqlaydi.

3.4. Tomonlar Aksept orqali tuzilgan Shartnomaning yozma shaklga tenglashtirilishini, hamda Tizimdagi harakatlar, elektron xabarlar va elektron hujjatlarning (O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq) yuridik kuchga ega ekanligini tan oladi. Foydalanuvchi talabiga ko‘ra Ijrochi shartnomaning ikki tomonlama imzolangan nusxasini tuzishi mumkin; bunday holda imzolangan nusxa Oferta shartlariga zid kelmagan qismida ustuvor kuchga ega.

3.5. Shartnoma Aksept paytidan kuchga kiradi va Tomonlar majburiyatlarini to‘liq bajarguniga yoki Shartnoma bekor qilinguniga qadar amal qiladi. Obuna to‘langan davr tugagach, Foydalanuvchi keyingi davr uchun to‘lovni amalga oshirmagan taqdirda, Tizimga kirish 5.8-bandga muvofiq cheklanadi.

IV. XIZMAT KO‘RSATISH TARTIBI

4.1. Tizimga kirish huquqi Foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgach (pullik Tarifda — birinchi to‘lov kelib tushgach) ochiladi.

4.2. Xizmat ko‘rsatish faktini tasdiqlash tartibi: Tizimga kirish huquqi ochilgan har bir hisobot davri uchun xizmatlar to‘liq va sifatli ko‘rsatilgan hisoblanadi. Foydalanuvchi hisobot davri tugaganidan so‘ng 10 (o‘n) kalendar kun ichida asoslangan e’tiroz bildirmasa, xizmatlar qabul qilingan hisoblanadi. Tomonlar bunday hollarda ish-xizmat topshirish dalolatnomasi Foydalanuvchining alohida talabisiz, Ijrochi tomonidan bir tomonlama rasmiylashtirilishi mumkinligini kelishib oladilar.

4.3. Ijrochi Foydalanuvchiga texnik yordamni ish vaqtida (aloqa kanallari saytda ko‘rsatiladi) taqdim etadi. Texnik yordam so‘rovlariga javob berish muddatlari Tarifda yoki saytda belgilanadi.

4.4. Texnik profilaktika ishlari (rejalashtirilgan) Foydalanuvchilarga imkon qadar oldindan xabar qilinadi va, qoida tariqasida, kam yuklama vaqtida o‘tkaziladi.

V. TO‘LOV TARTIBI VA TARIFLAR

5.1. Xizmatlar qiymati avtomato.uz saytida e’lon qilingan amaldagi Tarifga asosan belgilanadi. Narxlar O‘zbekiston so‘mida ko‘rsatiladi. Soliqlar (QQS) qo‘llanilishi Ijrochining soliq maqomiga muvofiq belgilanadi va Tarifda alohida ko‘rsatiladi.

5.2. To‘lovlar 100% oldindan to‘lov asosida oylik yoki yillik obuna shaklida, bank o‘tkazmasi, to‘lov tizimlari yoki Tizimda taqdim etilgan boshqa usullar orqali amalga oshiriladi. To‘lov sanasi — mablag‘ Ijrochi hisobiga tushgan kun.

5.3. Ijrochi Tarifni o‘zgartirish huquqiga ega. Yangi Tarif kuchga kirishidan kamida 10 (o‘n) kalendar kun oldin saytda e’lon qilinadi yoki Foydalanuvchining elektron pochtasi/Shaxsiy kabineti orqali xabar yuboriladi. Joriy to‘langan davr uchun narx o‘zgarmaydi. Foydalanuvchi yangi Tarifga rozi bo‘lmasa, obunani kuchga kirish sanasigacha bekor qilishga haqli.

5.4. Foydalanuvchiga Tizim imkoniyatlari bilan tanishish uchun bepul yoki imtiyozli sinov muddati (Trial) berilishi mumkin. Trial shartlari (muddat, limitlar, funksiyalar) saytda belgilanadi. Trial tugagach, Foydalanuvchi pullik Tarifga o‘tmasa, Tizimga kirish to‘xtatiladi. Bir Foydalanuvchiga (shu jumladan, bir xil STIR yoki affillangan shaxslarga) Trial bir marta beriladi.

5.5. Xizmat haqi to‘lanmagan yoki chala to‘langan taqdirda, Ijrochi xabar yuborib, Tizimga kirishni to‘liq to‘lov kelguniga qadar to‘xtatib qo‘yishga haqli.

5.6. Foydalanuvchi to‘lov rekvizitlari yoki hisob-kitob ma’lumotlarini noto‘g‘ri kiritishi oqibatida yuzaga kelgan xatoliklar uchun javobgar.

5.7. Foydalanuvchi tomonidan to‘langan va hali ko‘rsatilmagan xizmat davriga mos mablag‘ qaytarilishi faqat Ijrochining aybi tufayli xizmat ko‘rsatilmagan hollarda, Foydalanuvchining yozma arizasiga asosan, ariza olingan kundan boshlab 15 (o‘n besh) bank kuni ichida amalga oshiriladi. Foydalanuvchining o‘z tashabbusi bilan obunani muddatidan oldin bekor qilishida, to‘langan davr uchun to‘lov qaytarilmaydi, agar qonun yoki Tarifda boshqacha belgilanmagan bo‘lsa.

5.8. Obuna tugagach, Foydalanuvchi ma’lumotlari 8.4-bandda ko‘rsatilgan muddat davomida saqlanadi, shu davrda to‘lov amalga oshirilsa, Tizimga kirish tiklanadi.

5.9. Ijrochi hisob-kitoblar bo‘yicha elektron hisob-fakturalar, dalolatnomalar va boshqa hujjatlarni qonunchilikda belgilangan tartibda elektron hujjat aylanishi tizimlari orqali yuborishi mumkin.

VI. TOMONLARNING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI

6.1. Ijrochi majburiyatlari

  • -Tizimdan foydalanish imkoniyatini Shartnomada belgilangan darajada, doimiy (24/7 rejimida) ta’minlash uchun tijorat jihatdan oqilona sa’y-harakatlarni amalga oshirish (rejalashtirilgan texnik profilaktika, ishdan chiqishlar va 12-bandda ko‘rsatilgan sabablar mustasno);
  • -Foydalanuvchi ma’lumotlari xavfsizligi va maxfiyligini tashkiliy va texnik choralar orqali himoya qilish (7-band);
  • -Tizim funksionalini takomillashtirish va yangilashni amalga oshirish;
  • -Foydalanuvchining texnik so‘rovlariga 4.3-bandga muvofiq javob berish.

6.2. Ijrochi huquqlari

  • -Tizimning ishlashini texnik xizmat, xavfsizlik yoki yangilash maqsadida vaqtincha to‘xtatish;
  • -Foydalanuvchi Shartnoma yoki qonunchilikni buzgan taqdirda, oldindan ogohlantirib (zudlik bilan chora ko‘rishni talab etuvchi holatlarda — ogohlantirmasdan) Tizimga kirishni cheklash yoki to‘xtatish;
  • -Tizim mazmunini, interfeysini va funksionalini o‘zgartirish, shu jumladan modullarni qo‘shish yoki olib tashlash, bunda Foydalanuvchi to‘lagan Tarifning asosiy funksiyalari sezilarli darajada kamaytirilmasligi shart;
  • -Anonimlashtirilgan va umumlashtirilgan statistik ma’lumotlardan (Foydalanuvchi yoki Sub’ektlarni identifikatsiya qilishga imkon bermaydigan shaklda) Tizimni takomillashtirish maqsadida foydalanish;
  • -Foydalanuvchi bilan Shartnoma bo‘yicha aloqa qilish, shu jumladan, xizmat va yangiliklar to‘g‘risida xabarlar yuborish;
  • -Xizmat ko‘rsatishda uchinchi shaxslarni (hosting, SMS-provayderlar, to‘lov tizimlari) jalb etish.

6.3. Foydalanuvchi majburiyatlari

  • -Tanlangan Tarifga muvofiq to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirish;
  • -Tizimdan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga zid maqsadlarda foydalanmaslik, shu jumladan noqonuniy, aldamchi, haqoratli yoki spam xarakterdagi xabarlar yuborish uchun foydalanmaslik;
  • -Shaxsiy kabinetga kirish ma’lumotlari (login, parol) maxfiyligini mustaqil ta’minlash. Foydalanuvchi akkauntidan uning login-paroli orqali amalga oshirilgan barcha harakatlar Foydalanuvchining harakati deb hisoblanadi. Ruxsatsiz kirish aniqlanganda Ijrochini zudlik bilan xabardor qilish;
  • -Tizimga to‘g‘ri, dolzarb va qonuniy yo‘l bilan olingan ma’lumotlarni kiritish;
  • -8-bandda belgilangan majburiyatlarni bajarish (shaxsiy ma’lumotlarni qayta ishlash asoslari);
  • -Foydalanuvchining xodimlari va vakillari Tizimdan foydalanishda ushbu Shartnoma shartlariga rioya qilishini ta’minlash;
  • -Ro‘yxatdan o‘tish ma’lumotlari o‘zgarganda, Ijrochini 5 kun ichida xabardor qilish.

6.4. Foydalanuvchi huquqlari

  • -Tizimdan Shartnoma va Tarif doirasida foydalanish;
  • -Texnik yordam olish;
  • -O‘z ma’lumotlarini Tizimdan eksport qilish (Tarif imkon bergan hajmda);
  • -Shartnomani 11-bandga muvofiq bekor qilish.

VII. MA’LUMOTLAR XAVFSIZLIGI VA MAXFIYLIK

7.1. Tomonlar Shartnoma doirasida olingan, ommaga ma’lum bo‘lmagan har qanday tijorat, texnik va moliyaviy ma’lumotlarni (Maxfiy axborot) uchinchi shaxslarga oshkor qilmaslik, Shartnoma maqsadidan boshqa maqsadlarda ishlatmaslik majburiyatini oladi. Maxfiylik majburiyati Shartnoma bekor qilinganidan keyin 3 (uch) yil davomida saqlanadi.

7.2. Quyidagilar Maxfiy axborot hisoblanmaydi:

  • a) oshkor qiluvchi Tomonning aybisiz ommaviy ma’lum bo‘lgan;
  • b) Tomon tomonidan mustaqil ravishda ishlab chiqilgan yoki qonuniy yo‘l bilan boshqa manbadan olingan;
  • c) qonun yoki vakolatli davlat organining talabi bilan oshkor etilishi shart bo‘lgan (bunday holda mumkin bo‘lsa, ikkinchi Tomon oldindan xabardor qilinadi).

7.3. Ijrochi Foydalanuvchi ma’lumotlarini himoya qilish uchun zarur tashkiliy va texnik choralarni ko‘radi, shu jumladan, kirishni nazorat qilish, ma’lumotlarni uzatishda shifrlash, zaxira nusxalash, xodimlar uchun maxfiylik majburiyati.

7.4. Foydalanuvchi ma’lumotlari Foydalanuvchining mulki hisoblanadi. Ijrochi ularni faqat Shartnoma bo‘yicha xizmat ko‘rsatish maqsadida qayta ishlaydi va uchinchi shaxslarga (7.5-banddagi hollardan tashqari) o‘tkazmaydi, sotmaydi.

7.5. Ijrochi Foydalanuvchi ma’lumotlarini quyidagi hollarda oshkor qilishi mumkin:

  • a) Foydalanuvchining yozma roziligi bilan;
  • b) xizmat ko‘rsatishda jalb etilgan subpudratchilarga (hosting, SMS-provayderlar, to‘lov tizimlari), ular ham xuddi shunday maxfiylik majburiyatiga bo‘ysunsa;
  • c) qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda vakolatli davlat organlari so‘roviga binoan.

VIII. SHAXSIY MA’LUMOTLARNI QAYTA ISHLASH

8.1. Tomonlar shaxsiy ma’lumotlarni qayta ishlashda O‘zbekiston Respublikasining «Shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risida»gi Qonuni va boshqa tegishli normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya qiladi.

8.2. Foydalanuvchi o‘z mijozlarining shaxsiy ma’lumotlari bo‘yicha mulkdor (operator), Ijrochi esa Foydalanuvchi topshirig‘iga binoan ma’lumotlarni faqat Shartnoma maqsadida qayta ishlaydigan vakolatli shaxs (ishlov beruvchi) hisoblanadi.

8.3. Foydalanuvchi Sub’ektlar shaxsiy ma’lumotlarini Tizimga kiritish, qayta ishlash, skoring o‘tkazish va ularga SMS/boshqa xabarlar yuborish uchun qonunda talab etilgan Sub’ektlarning roziligini (yoki boshqa qonuniy asosni) oldindan olganini va uni talab qilingan hollarda tasdiqlashga qodirligini kafolatlaydi. Foydalanuvchi, shuningdek, shaxsiy ma’lumotlar bazasini davlat reestrida ro‘yxatdan o‘tkazish va boshqa qonuniy majburiyatlarni (agar qonunchilik talab qilsa) mustaqil bajaradi. Sub’ektlar yoki vakolatli organlar tomonidan bildirilgan da’volar, agar ular Foydalanuvchining ushbu majburiyatlarni buzishidan kelib chiqqan bo‘lsa, Foydalanuvchi tomonidan hal qilinadi, Ijrochiga yetkazilgan zararlar esa qoplanadi.

8.4. Ijrochi:

  • a) ma’lumotlarni faqat Foydalanuvchi ko‘rsatmalari va Shartnoma doirasida qayta ishlaydi;
  • b) 7.3-bandda ko‘rsatilgan himoya choralarini qo‘llaydi;
  • c) ma’lumotlar xavfsizligiga tahdid yoki sizib chiqish (incident) holatida Foydalanuvchini asossiz kechiktirmasdan xabardor qiladi;
  • d) Sub’ektlarning huquqlarini amalga oshirishda (ma’lumotlarga kirish, tuzatish, o‘chirish) Foydalanuvchiga ko‘maklashadi;
  • e) Shartnoma bekor qilingach, Foydalanuvchi ma’lumotlarini 30 (o‘ttiz) kalendar kun saqlaydi (shu davrda ularni eksport qilish mumkin), so‘ngra qaytarib bo‘lmaydigan tarzda yo‘q qiladi yoki anonimlashtiradi, qonunchilik bo‘yicha saqlash talab qilingan ma’lumotlar bundan mustasno.

8.5. Qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlari O‘zbekiston hududidagi texnik vositalarda saqlanishi va qayta ishlanishi ta’minlanadi. Ijrochi Tizim infratuzilmasini ushbu talabga muvofiq tashkil etadi.

8.6. Ijrochi o‘z Foydalanuvchilari (ro‘yxatdan o‘tgan vakillari) shaxsiy ma’lumotlarini (ism, telefon, e’mail, Tizimdagi faolligi) Shartnomani bajarish, hisob-kitob, texnik yordam ko‘rsatish va qonun talablarini bajarish maqsadida mustaqil operator sifatida qayta ishlaydi; Foydalanuvchi o‘z vakillarini bu haqda xabardor qilgan va ularning roziligini (agar talab etilsa) olganini tasdiqlaydi.

IX. SKORING VA AVTOMATIK XABARNOMALAR

9.1. Skoring natijalari Tizimga kiritilgan ma’lumotlar sifatiga bog‘liq bo‘lib, ehtimoliy (taxminiy) xarakterga ega. Ijrochi skoring natijalarining aniqligi, to‘liqligi yoki Foydalanuvchining biznes maqsadlariga muvofiqligiga kafolat bermaydi.

9.2. Skoring natijalari asosida bo‘lib-bo‘lib to‘lash, kredit yoki shunga o‘xshash qarorlarni qabul qilish, mijozga berilishini rad etish yoki qarz undirish choralarini ko‘rish bo‘yicha barcha qarorlar va ularning oqibatlari uchun faqat Foydalanuvchi javobgar. Foydalanuvchi Sub’ektlar bilan munosabatlarida iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish, qarz undirish va reklama sohasidagi qonunchilik talablariga rioya etadi.

9.3. SMS-eslatmalar va boshqa xabarnomalar Foydalanuvchi tomonidan kiritilgan shablonlar va ro‘yxatlar asosida yuboriladi. Foydalanuvchi xabarlar mazmuni, yuborish chastotasi va qabul qiluvchilarning ro‘yxati uchun, shuningdek, ularning qonuniyligi (jumladan, reklama va telekommunikatsiya sohasidagi talablar) uchun to‘liq javobgar. Foydalanuvchi qo‘rqitish, tahdid, noqonuniy bosim, oshkora yoki uchinchi shaxslarga qarz haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilish xarakteridagi xabarlar yuborishi taqiqlanadi.

9.4. SMS yetkazib berish telekommunikatsiya operatorlari va SMS-provayderlarga bog‘liq. Ijrochi uchinchi shaxslar (operatorlar, provayderlar) tomonidan yetkazib berishdagi kechikish yoki nosozliklar uchun javobgar emas. Agar SMS xizmati uchun alohida to‘lov mavjud bo‘lsa, u Tarifda belgilanadi.

X. JAVOBGARLIK

10.1. Tomonlar Shartnoma bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga va ushbu Shartnomaga muvofiq javobgar bo‘ladi.

10.2. Ijrochi Tizimdan foydalanish yoki foydalana olmaslik natijasida kelib chiqqan bilvosita zararlar, boy berilgan foyda, ma’lumotlarning yo‘qolishi, obro‘ga yetkazilgan zarar, Foydalanuvchi tomonidan uchinchi shaxslarga to‘langan jarimalar yoki tovonlar uchun javobgar bo‘lmaydi, bunday javobgarlikni istisno etish qonunchilik bilan taqiqlangan hollar (jumladan, qasddan yetkazilgan zarar) bundan mustasno.

10.3. Ijrochining Shartnoma bo‘yicha umumiy javobgarligi har qanday holatda ham zarar keltirgan hodisa sodir bo‘lgan paytdan oldingi 3 (uch) oy ichida Foydalanuvchi tomonidan Ijrochiga haqiqatda to‘langan xizmat haqi miqdori bilan cheklanadi, qonunchilikda bunday cheklash taqiqlangan hollar bundan mustasno.

10.4. Ijrochi quyidagilar uchun javobgar emas:

  • a) Foydalanuvchi tomonidan kiritilgan ma’lumotlarning mazmuni, aniqligi va qonuniyligi;
  • b) Foydalanuvchining login-paroli uchinchi shaxslar qo‘liga tushishi oqibatlari;
  • c) Foydalanuvchining qurilmalari, internet tarmog‘i yoki uchinchi tomon xizmatlarining (hosting, aloqa operatorlari, to‘lov tizimlari) nosozligi;
  • d) Foydalanuvchining Tizimdan Shartnomaga zid foydalanishi;
  • e) skoring natijalari asosida Foydalanuvchi qabul qilgan qarorlar.

10.5. Foydalanuvchi Shartnoma, ayniqsa 6.3, 8.3 va 9-bandlarni buzishi natijasida Ijrochiga yetkazilgan zararni, shu jumladan, uchinchi shaxslar va davlat organlarining da’volari bo‘yicha Ijrochi to‘lagan jarima va tovonlarni qoplaydi.

10.6. Foydalanuvchi tomonidan to‘lov muddati buzilgan taqdirda, Ijrochi har bir kechiktirilgan kun uchun to‘lanmagan summaning 0,4 foizi miqdorida penya talab qilishi mumkin, biroq penya umumiy miqdori kechiktirilgan summaning 50 foizidan oshmasligi kerak.

XI. SHARTNOMANI O‘ZGARTIRISH VA BEKOR QILISH

11.1. Ijrochi Ofertaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish huquqiga ega. Yangi tahrir avtomato.uz saytida e’lon qilinganidan 10 (o‘n) kalendar kun o‘tgach kuchga kiradi (yangi tahrirda boshqa muddat ko‘rsatilmagan bo‘lsa, qonunchilik talablari bilan bog‘liq zarur o‘zgartirishlar e’lon qilingan kunning o‘zidan kuchga kirishi mumkin). Foydalanuvchi o‘zgarishlarni kuzatib borish uchun mas’ul, Tizimdan foydalanishni davom ettirish yangi tahrirga Aksept hisoblanadi. Foydalanuvchi yangi tahrirga rozi bo‘lmasa, Shartnomani 11.2-bandga muvofiq bekor qilishga haqli.

11.2. Foydalanuvchi istalgan vaqtda Shaxsiy kabinet orqali yoki yozma xabar yuborib obunani bekor qilish orqali Shartnomani bir tomonlama tugatishi mumkin. Bekor qilish to‘langan obuna davri tugagach kuchga kiradi, to‘lovlar 5.7-bandga muvofiq qaytariladi.

11.3. Ijrochi Shartnomani bir tomonlama bekor qilishga haqli:

  • a) Foydalanuvchi to‘lov majburiyatini 30 kundan ortiq bajarmagan bo‘lsa;
  • b) Foydalanuvchi Shartnomaning muhim shartlarini (2.4, 6.3, 8.3, 9-bandlar) buzgan bo‘lsa;
  • c) qonun yoki vakolatli organning talabi bo‘yicha;
  • d) Tizim faoliyatini to‘xtatish haqida qaror qabul qilingan bo‘lsa — bunda Ijrochi Foydalanuvchini kamida 30 kalendar kun oldin xabardor qiladi va to‘langan, ko‘rsatilmagan davr uchun mablag‘ni qaytaradi.

11.4. Shartnoma bekor bo‘lishi Tomonlarning bekor bo‘lgunga qadar yuzaga kelgan moliyaviy majburiyatlaridan va maxfiylik, javobgarlik, nizolarni hal etish bandlaridan ozod etmaydi.

XII. FORS-MAJOR

12.1. Tomonlar o‘zlarining nazorati va irodasidan tashqari, oldindan ko‘ra olmaydigan va oldini ololmaydigan favqulodda holatlar (tabiiy ofat, urush, ommaviy tartibsizliklar, davlat organlarining taqiqlovchi aktlari, keng ko‘lamli elektr yoki aloqa uzilishlari, ommaviy kiber-hujumlar, hosting yoki aloqa provayderlarining global nosozligi va h.k.) natijasida majburiyatlarni bajara olmaslik uchun javobgar bo‘lmaydi.

12.2. Fors-major holatiga duch kelgan Tomon ikkinchi Tomonni 5 (besh) kun ichida xabardor qilishi va imkon qadar uni tasdiqlovchi hujjatni taqdim etishi shart. Fors-major 60 kundan ortiq davom etsa, istalgan Tomon Shartnomani bekor qilishi mumkin.

XIII. NIZOLARNI HAL ETISH

13.1. Shartnomadan kelib chiqadigan nizolar Tomonlar o‘rtasida muzokaralar yo‘li bilan hal etiladi.

13.2. Da’vo tartibi majburiy, sudga murojaat qilishdan oldin manfaatdor Tomon yozma da’vo yuboradi. Da’voga javob da’vo olingan kundan boshlab 30 (o‘ttiz) kalendar kun ichida beriladi. Da’vo elektron pochta yoki Shaxsiy kabinet orqali yuborilganda ham tegishli tartibda yuborilgan hisoblanadi.

13.3. Kelishuvga erishilmagan taqdirda nizo O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq iqtisodiy sudda ko‘riladi. Shartnomaga O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi qo‘llaniladi.

XIV. YAKUNIY QOIDALAR

14.1. Tomonlar o‘rtasidagi xabarlar Foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tishda ko‘rsatgan elektron pochta, telefon raqami, Shaxsiy kabinet yoki Ijrochining rasmiy aloqa kanallari orqali yuboriladi va yuborilgan paytdan boshlab 3 (uch) kun o‘tgach yetkazilgan hisoblanadi (Shaxsiy kabinetda e’lon qilingan xabar — e’lon qilingan kunning o‘zida). Aloqa ma’lumotlarining to‘g‘riligi va dolzarbligi uchun Foydalanuvchi javobgar.

14.2. Shartnomaning biron-bir bandi sud tomonidan haqiqiy emas deb topilsa, bu Shartnomaning qolgan qoidalarining kuchiga ta’sir qilmaydi.

14.3.Foydalanuvchi Shartnoma bo‘yicha huquq va majburiyatlarini Ijrochining yozma roziligisiz uchinchi shaxsga o‘tkazishga haqli emas. Ijrochi Shartnoma bo‘yicha huquq va majburiyatlarni qayta tashkil etish yoki biznesni o‘tkazish natijasida o‘z huquqiy vorisiga o‘tkazishi mumkin, bu haqda Foydalanuvchiga xabar beriladi.

14.4. Shartnoma o‘zbek tilida tuzilgan. Boshqa tillarga tarjimalar faqat ma’lumot uchun, nomuvofiqlik bo‘lganda o‘zbekcha matn ustuvor.

14.5. Foydalanuvchi Ijrochiga Shartnoma bo‘yicha o‘z nomi va logotipini mijozlar ro‘yxatida va marketing materiallarida (Ijrochi sayti, taqdimotlar) ko‘rsatishga ruxsat beradi, Foydalanuvchi bu rozilikni istalgan vaqtda yozma xabar bilan bekor qilishi mumkin.

14.6. Foydalanuvchi bilan alohida yozma shartnoma (maxsus shartlar) imzolangan taqdirda, bunday shartnoma Oferta shartlariga nisbatan qo‘llaniladi va ustuvor kuchga ega.

14.7. Mazkur Oferta avtomato.uz saytida e’lon qilinadi va barcha Foydalanuvchilar uchun ochiq. Oferta Ijrochi tomonidan chaqirib olinmagan yoki yangi tahrirda almashtirilmagan paytgacha amal qiladi.

XV. IJROCHI REKVIZITLARI

To‘liq nomi: “CODEPLAY” mas’uliyati cheklangan jamiyati

Brend: «Avtomato»

STIR (INN): 311539754

Yuridik manzil: Xorazm viloyati Urganch shahar Saxovat MFY, Ezgu umid ko’chasi 54-uy

Bank Hisob raqami: 20208000807152790001

MFO: 00440

QQS to‘lovchisi: yo‘q

Direktor: Toshev Sanjar Hamzayevich

Telefon: +998772326666

E-mail: info@codeplay.uz

Veb-sayt: avtomato.uz

FOYDALANUVCHI: Tizimda ro‘yxatdan o‘tgan va Aksept shartlarini bajargan yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor. Foydalanuvchining rekvizitlari Tizimda ro‘yxatdan o‘tish paytida kiritilgan ma’lumotlarga muvofiq belgilanadi.

So'rov qoldiring, menejerlarimiz bog'lanadi!

Flag Uzbeksitan

+998

So'rovingiz yuborildi!

Rahmat! Menejerlarimiz siz bilan tez orada bog'lanib, barcha savollaringizga javob berishadi.